Himoyachi Jon Stounsning vakillari uning xizmatlarini «Inter» klubiga taklif qilishdi. Bu haqda Football Italia nashri xabar bermoqda.
32 yoshli angliyalik himoyachi «Manchester Siti» bilan shartnomasi yakunlanganidan so‘ng erkin agentga aylandi. U «shaharliklar» safida deyarli 10 yil davomida to‘p surgan edi. Hozirda uning agentlari A Seriyadan faol ravishda yangi variantlar qidirishmoqda.
Jon Stounsning ulkan tajribasiga (APLda 257 ta o‘yin va Chempionlar ligasida 62 ta bahs) qaramay, «Inter» rahbariyati angliyalik futbolchi bilan shartnoma imzolashga shoshilmayapti. Stouns maosh borasidagi talablarini kamaytirishga tayyor (u avval yiliga 10 million yevro olardi), biroq u yana bir mavsumga uzaytirish huquqi bilan 2 yillik shartnoma tuzishni talab qilmoqda. Bunday shartlar esa potensial xaridorlarni qoniqtirmayapti.
Avvalroq tajribali himoyachining xizmatlari «Napoli» va «Yuventus» klublariga ham taklif qilingan edi, ammo bu klublarning birortasi hozircha muzokaralarda oldinga siljimadi.













