Argentina terma jamoasi hujumchisi Lionel Messi hamda Portugaliya terma jamoasi forvardi Krishtianu Ronaldu 2026 yilgi «Oltin to‘p» mukofoti uchun kurashishi mumkin. Bu haqda mukofot tashkilotchilari ma’lum qildi.
«Oltin to‘p» matbuot xizmati Messi va Ronaldu tasvirlari tushirilgan maqola e’lon qilib, Yevropada o‘ynamaydigan futbolchilar ham ushbu nufuzli mukofotga da’vogar bo‘la olishi mumkinligini izohladi.
«Ha, Yevropa klubida o‘ynamay turib ham “Oltin to‘p”ni yutish mumkin. Tarix nuqtai nazaridan bu qiyinroqdek ko‘rinadi, ammo Yevropadan tashqari ayrim ligalarning kuchayib borayotgani vaziyatni o‘zgartirmoqda. Ayollar futbolida bunga bir futbolchi erishgan — Megan Rapino (“Sietl Reyn”) 2019 yilda. “Oltin to‘p” haqida gap ketganda, hech narsa imkonsiz emas. Texnik jihatdan istalgan futbolchi, qaysi ligada o‘ynayotganidan qat’i nazar, bu mukofotni qo‘lga kiritishi mumkin».
Hozirda 39 yoshli Messi "Inter Mayami" safida, 41 yoshli Ronaldu esa "An-Nasr" tarkibida to‘p surmoqda.
Ikki futbolchi ham o‘z milliy terma jamoalari bilan AQSH, Kanada va Meksikada o‘tayotgan JCH-2026da chempionlik uchun kurashmoqda.













