Belgiya AQSH terma jamoasi hujumchisi Folarin Balogunning diskvalifikasiyasi kechiktirilgani (to‘xtatib turilgani) yuzasidan Sport arbitraj sudiga (CAS) murojaat qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Balogun JCH-2026ning 1/16 finali doirasida Bosniya va Gersegovinaga qarshi kechgan o‘yinda (2:0) Tarik Muxaremovichning to‘pig‘ini bosib olgani uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka olgan edi. Keyinchalik futbolchining bir o‘yinlik diskvalifikasiyasi bir yillik sinov muddati bilan to‘xtatib turildi. Shu tariqa, hujumchi 1/8 finalda Belgiyaga qarshi maydonga tusha oladigan bo‘ldi.
Bundan oldin AQSH Prezidenti Donald Tramp FIFA prezidenti Janni Infantinoga ikki marta — Balogun maydondan chetlatilganidan keyin va diskvalifikasiya to‘xtatib turilganidan so‘ng qo‘ng‘iroq qilgani xabar qilingan edi.
Qirollik Belgiya futbol assosiasiyasi (RBFA) FIFAning ushbu qaroridan «shokda ekanligini» (qattiq hayratda qolganini) hamda «kelgusi harakatlar uchun barcha mumkin bo‘lgan variantlarni» o‘rganayotganini ma’lum qildi.
The Telegraph nashrining xabar berishicha, Belgiya tomoni sudga da’vo arizasi kiritish masalasini ko‘rib chiqmoqda va ishni Lozannadagi Sport arbitraj sudiga (CAS) oshirishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, JCH-2026 1/8 finalidan o‘rin olgan AQSH va Belgiya o‘rtasidagi uchrashuv seshanbaga o‘tar kechasi, 7 iyul kuni Toshkent vaqti bilan soat 05:00 da start oladi.













