Argentina terma jamoasi yetakchisi Lionel Messining turmush o‘rtog‘i Antonela Rokusso Portugaliya terma jamoasi sardori Krishtianu Ronalduning qallig‘i Jorjina Rodrigesga yangi kiyim brendi taqdimoti munosabati bilan yuborilgan sovg‘a uchun minnatdorlik bildirdi.
Antonela o‘zining Instagram sahifasida sovg‘alar joylangan pushti rangli quti suratini joylashtirib, Jorjinani belgiladi.
Avvalroq Jorjina Rodriges sport va kundalik kiyimlardan iborat shaxsiy brendini yo‘lga qo‘ygan edi. Reklama kampaniyasi doirasida u Antonelaga yangi kolleksiyadan eksklyuziv sovg‘alar jamlanmasini yubordi.
«Katta rahmat, Jorjina. Hammasi juda ajoyib. Senga barcha ishlaringda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman!» — deb yozdi Antonela Stories sahifasida.
Ma’lumot uchun, har ikki ayol ham Argentina bilan bog‘liq. Jorjina Buenos-Ayresda tug‘ilgan. Ular shaxsan deyarli muloqot qilmaydi va hozirgacha omma oldida birga ko‘rinish bermagan. Shunga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarda o‘zaro samimiy munosabatni saqlab kelmoqda.













