Madridning «Real» klubi Ispaniya chempionatining yangi mavsumini boshqa jamoalarga nisbatan kechroq boshlaydi.
La Liga rahbariyati «qaymoqranglilar»ning «Real Sosyedad»ga qarshi birinchi tur uchrashuvini ko‘chirishga rozilik berdi. Mazkur bahs avval yangi mavsumning ilk o‘yin haftaligida — 14–15 avgust kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi.
Bunday qaror JCH-2026 munosabati bilan qabul qilindi. Ispaniya futbolchilari kasaba uyushmasi mundialning so‘nggi bosqichlarida ishtirok etadigan futbolchilarga klublariga qaytishdan avval majburiy dam olish muddati berilishini talab qildi.
La Liga prezidenti Xavyer Tebasning ma’lum qilishicha, har bir futbolchi jahon chempionatidagi oxirgi uchrashuvidan keyin kamida uch hafta dam oladi. Shundan so‘ng ularga yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rish uchun yana uch hafta vaqt beriladi.
Shu sababli La Liganing birinchi turi bir nechta sanalarga bo‘lib o‘tkaziladi. «Real» — «Real Sosyedad» uchrashuvi esa ikkinchi va uchinchi turlar oralig‘ida bo‘lib o‘tadi.
Bu qarorga madridliklar safidagi bir nechta futbolchi hali ham JCH-2026da ishtirok etayotgani ham ta’sir ko‘rsatdi. Ular orasida Kilian Mbappe, Orelyen Tchuameni, Brahim Dias va turnirning hal qiluvchi bosqichigacha yetib borishi mumkin bo‘lgan boshqa futbolchilar ham bor.
Shu tariqa, «Real»ning La Liga yangi mavsumidagi birinchi uchrashuvi, ehtimol, 22–23 avgust kunlari «Espanyol» maydonida bo‘lib o‘tadigan bahs bo‘ladi.













