Ispaniya terma jamoasi JCH-2026ning 1/8 final uchrashuvida Portugaliya ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yin Arlingtondagi (AQSH) «Ey-Ti-end-Ti» stadionida bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvdagi yagona golni 90+1-minutda Ferran Torresning uzatmasidan so‘ng Mikel Merino raqib darvozasiga kiritdi.
Ikkinchi bo‘lim boshida portugaliyalik himoyachi Nunu Mendesh jarohat olib, o‘yinni davom ettira olmadi. Uning o‘rniga Nelson Semedu maydonga tushdi.
O‘zining oltinchi va faoliyatidagi so‘nggi Jahon chempionatida ishtirok etayotgan 41 yoshli hujumchi Krishtianu Ronaldu bahsni dastlabki daqiqalardan boshladi. U Portugaliya terma jamoasida raqib darvoza sohasiga aniq zarba yo‘llay olgan yagona futbolchi bo‘ldi (uning hisobida 2 ta aniq zarba bor).
Ispaniya terma jamoasi o‘zi zafar quchgan 2010 yilgi mundialdan buyon ilk bor Jahon chempionatining chorak finaliga yo‘l oldi. Bu bosqichda ispanlar AQSH — Belgiya uchrashuvi g‘olibi bilan to‘qnash kelishadi. Mazkur o‘yin Toshkent vaqti bilan 05:00 da start oladi.
Avvalroq Fransiya, Marokash, Norvegiya va Angliya terma jamoalari ham JCH-2026ning 1/4 final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan edi.













