Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) xalqaro federasiyalarga rossiyalik sportchilarga nisbatan joriy etilgan cheklovlarni bekor qilishni tavsiya etganidan so‘ng, FIFA Rossiya terma jamoalaridan taqiqni olib tashlash masalasini rasman ko‘rib chiqadi, deb xabar bermoqda Sky News.
"FIFA XOQning Rossiya Olimpiya qo‘mitasi a’zoligini vaqtinchalik tiklash haqidagi qaroridan xabardor. FIFA manfaatdor tomonlar bilan muvofiqlikda keyingi qadamlarni belgilashdan oldin ushbu qarorni tahlil qilib chiqadi", — deya ma’lum qilishgan tashkilotda.
Rossiya terma jamoalari Ukrainadagi vaziyat tufayli kiritilgan sanksiyalardan so‘ng, 2022 yildan buyon FIFA va UYEFA shafeligidagi xalqaro musobaqalarda ishtirok etmayapti. XOQ qaroridan keyin FIFA keyingi qadamlarni qo‘yishdan avval vaziyatni o‘rganib chiqishini bildirdi.
Amaldagi sanksiyalar tufayli Rossiya terma jamoasi JCH-2026 saralash turnirida qatnashmadi va JCH-2022 ga yo‘llanma beruvchi o‘tish o‘yinlarida ham ishtirok eta olmagan edi.
Avvalroq FIFA prezidenti Janni Infantino tashkilot Rossiya jamoalarini qaytarish masalasini ko‘rib chiqishi kerakligini ta’kidlagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, amaldagi taqiq "hafsala pir bo‘lishi va nafratning kuchayishidan boshqa hech narsaga olib kelmadi".
XOQ Rossiya jamoalarini qaytarish, Rossiyada xalqaro musobaqalar o‘tkazish, shuningdek, Rossiya bayrog‘i, madhiyasi va boshqa milliy ramzlaridan foydalanish bo‘yicha yakuniy qarorlar har bir xalqaro federasiya va musobaqa tashkilotchilari tomonidan mustaqil ravishda qabul qilinishini alohida qayd etdi.













