Bosh murabbiy Joze Mourinyo Madridning “Real” klubida ishni birinchi navbatda jamoaning ish madaniyatini o‘zgartirishdan boshlamoqchi. Bu haqda Ispaniyaning Marca nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, portugaliyalik mutaxassisning fikricha, klub yirik muvaffaqiyatlarga erishishi uchun barcha xodimlar va futbolchilardan har kuni bir xil darajada fidoyilik hamda doimiy raqobatga tayyor turish talab etiladi. Faqat shundagina jamoada chinakam g‘oliblik ruhiyati shakllanadi. Yangi “Real” aynan mana shu g‘oya ustiga quriladi. Garchi asosiy maqsad sovrinlar yutish bo‘lsa-da, Joze buni amalga oshirish uchun avvalo kundalik ish madaniyatini tubdan o‘zgartirishni rejalashtirgan.
Mourinyo klubning turli bo‘limlari bilan o‘tkazilgan dastlabki uchrashuvlardayoq bir fikrni takrorlashdan charchamagan va o‘zining birinchi ish kunida buni ochiq-oydin ma’lum qildi: jamoa yangi mavsumga o‘ziga xos missiya sifatida qarashi kerak.
“Men barchaga — futbolchilarga ham, xodimlarga ham yaxshiroq bo‘lishiga yordam berish uchun kelganman. Biz mehnat, mas’uliyat va ulkan maqsadlar madaniyatini yaratishimiz kerak. Bu shunchaki "Real"da ishlash emas, balki "Real" uchun ishlash degani”, deydi portugaliyalik mutaxassis.
Qayd etilishicha, Mourinyo allaqachon Madrid jamoasi o‘yinchilarining individual hisobotlari bilan to‘liq tanishib chiqqan. Shuningdek, u akademiya tarbiyalanuvchilari orasidan o‘zi shaxsan kuzatib boradigan futbolchilarni ham ajratib olgan.
Yosh iqtidor egalari uchun mavsumoldi yig‘inlari shunchaki o‘zini ko‘rsatish imkoniyati emas, balki chinakam qattiq sinov maydoniga aylanadi. Murabbiy shu orqali ularning eng yuqori darajadagi bosim va raqobatga qanchalik tayyor ekanini sinab ko‘rmoqchi.
Eslatib o‘tamiz, portugaliyalik mutaxassis yozgi tanaffus vaqtida “Real” klubi bosh murabbiyi etib tayinlangan edi. U klub bilan 2029 yil 30 iyungacha mo‘ljallangan shartnoma imzolagan.













