Ispaniya terma jamoasi yarim himoyachisi Aleks Baena Fransiyaga qarshi bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati yarim final uchrashuvi arafasida Lamin Yamalni himoya qilib chiqdi. Yarim himoyachining fikricha, «Barselona» vingerining o‘yinini faqatgina urilgan gollar soni bilan baholash kerak emas.
«Umid qilamanki, Lamin shu paytgacha ko‘rsatgan o‘yinini namoyish etadi, agar bizga gol yoki hal qiluvchi uzatma bilan yordam bersa, yanada yaxshiroq bo‘ladi. Ammo menimcha, u ajoyib turnir o‘tkazmoqda», — deya Baenaning so‘zlarini keltiradi RNE Deportes.
«Ehtimol, odamlar undan har bir o‘yinda uchtadan gol urishini kutayotgandir, Yamal bunga qodir ham. Biroq u jamoaga himoyalanishda ham juda katta yordam bermoqda».
«U maydonda ko‘zga tashlanmaydigan juda ko‘p ishlarini bajaradi. Mening nazarimda, Lamin bu chempionatda ajoyib o‘yin ko‘rsatmoqda».
Joriy Jahon chempionatida 19 yoshli Yamal Ispaniya terma jamoasining barcha o‘yinlarida ishtirok etib, bitta golga mualliflik qildi. Bundan tashqari, u muvaffaqiyatli aldab o‘tishlar (dribling) soni bo‘yicha turnir yetakchisi hisoblanadi.













