Angliya terma jamoasining sobiq hujumchisi Gari Lineker Argentinaga qarshi bo‘lajak JCH–2026 yarim finalini 1986 yilgi mag‘lubiyat uchun revansh olish imkoniyati deb atadi.
15 iyul kuni Angliya va Argentina jahon chempionati yarim finalida o‘zaro bahs olib boradi.
— Siz o‘sha o‘yinda ishtirok etgansiz va gol ham urgansiz. Ammo hamma narsa «Xudoning qo‘li» bilan urilgan gol atrofida aylanadi. Bu voqea hali ham yodingizdami?
— Shunday desa ham bo‘ladi. Shu yillar davomida bu haqda bir necha bor gaplashganmiz. Albatta, men ham o‘sha o‘yinda gol urganman, lekin uni hech kim eslamaydi. Diyegoning "Xudoning qo‘li" bilan urgan goli birinchi bo‘lgan edi. Rostini aytsam, birinchi bo‘limni yaxshi o‘tkazmagandik. Ammo ikkinchi bo‘limda o‘yin jonlandi va u ehtimol faoliyatidagi eng buyuk golini urdi. Uchrashuvning ahamiyatini hisobga olsak, bu haqiqiy futbol dahosining betakror mahorati edi.
Menda u o‘yindan faqat yaxshi xotiralar qolgan, deb aytolmayman. Ammo bu haqiqiy xotira va «Asteka» stadionida Argentinaga qarshi jahon chempionati chorak finalida o‘ynash ajoyib tajriba bo‘lgan. Albatta, hakam qarori bizning foydamizga chiqmagani uchun omadimiz kelmadi. Shunga qaramay, o‘zimizni qo‘lga oldik va hisobni tenglashtirishga juda yaqin keldik, ammo afsuski, ular g‘alaba qozonishdi.
Endi esa Angliya Argentinadan revansh olishiga umid qilaman», — dedi Lineker Sky News efirida.
Eslatib o‘tamiz, Argentina 1986 yilgi jahon chempionati chorak finalida Angliyani 2:1 hisobida mag‘lub etgan edi. Diyego Maradona jamoasining har ikki golini urgan bo‘lib, ulardan birinchisi qo‘l bilan kiritilgan. O‘yindan keyin afsonaviy futbolchi mazkur gol «Xudoning qo‘li» yordamida urilganini aytgan edi.













