O‘zbekistonlik aralash jang san’ati ustasi, UFC o‘rta vazn toifasida 15-raqamli jangchi, 32 yoshli Nursulton Ro‘ziboyev 5 sentyabr kuni Fransiyaning Parij shahrida bo‘lib o‘tadigan UFC Fight Night turniri doirasida oktagonga ko‘tariladi.
Ro‘ziboyevning raqibi angliyalik Maykl “venom” Peyj bo‘ladi. 39 yoshli Peyj UFC’da 2024 yil 9 martdan beri faoliyat yuritib kelmoqda. Hozirgacha u promoushenda 4 ta g‘alaba va 1 ta mag‘lubiyat qayd etgan. U so‘nggi jangini 2026 yil 21 mart kuni Sem Pattersonga qarshi o‘tkazgan va hakamlarning yakdil qaroriga ko‘ra g‘alaba qozongan. Uning MMA rekordi 25 ta g‘alaba va 3 ta mag‘lubiyatdan iborat. Ushbu bellashuv UFC o‘rta vazn toifasidagi reyting jangi bo‘ladi.
Ro‘ziboyev hozirga qadar faoliyati davomida 50 ta jang o‘tkazib, ulardan 37 tasida g‘alaba qozongan, 9 marta mag‘lub bo‘lgan va 2 marta durang qayd etgan. Shuningdek, uning 2 ta janggi natijasi bekor qilingan. Peyjga qarshi bahs Ro‘ziboyevning UFC’dagi yettinchi jangiga aylanadi. Bungacha u ushbu promoushenda 6 marotaba oktagonga ko‘tarilib, 5 ta g‘alaba va 1 ta mag‘lubiyat qayd etgan.
Ma’lumot uchun, Ro‘ziboyev so‘nggi bor 27 iyun kuni rossiyalik Andrey Pulyayevga qarshi oktagonga ko‘tarilgan va 1-raundda bo‘g‘ish usuli bilan mag‘lub etgan.













