Angliya terma jamoasi sardori Xarri Keyn 2026 yilgi jahon chempionati yarim finalida Argentinaga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lganidan so‘ng o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Forvardning ta’kidlashicha, Angliya o‘yinning katta qismida nazoratni qo‘lda ushlab turgan, ammo hisob tenglashtirilganidan keyin ustunlikni saqlab qola olmagan.
«Biz juda xafamiz — jamoamiz, muxlislarimiz va bizni qo‘llab-quvvatlagan barcha insonlar uchun. So‘nggi daqiqalargacha yaxshi o‘yin namoyish etdik, ammo hisob 1:1 bo‘lganidan keyin o‘z jarima maydonimizga juda chekindik va natijani saqlab qolishga urindik. Bu esa yetarli bo‘lmadi.
Bu yergacha yetib kelish uchun juda ko‘p mehnat qildik va qo‘limizdan kelgan barcha ishni bajardik. Ammo musobaqani shunday tarzda yakunlash juda og‘ir. Birinchi bo‘limda yuqori pressingimiz yaxshi ishladi, tanaffusdan keyin esa Argentina bosimni kuchaytirdi. Biz ikkinchi to‘plar uchun kurashda yutqaza boshladik, o‘yin nazoratini boy berdik va yakkakurashlarda ishonchli harakat qila olmadik.
Raqibning jarima maydoniga uzatmalar orqali xavf tug‘dirishga urinishini bilardik, ammo bunga qarshi chora topa olmadik va o‘yinga qayta olmadik. Mag‘lubiyatga qaramay, ushbu turnirda yaxshi o‘yinlarimiz ko‘p bo‘ldi. Yarim finalgacha yetib keldik, xarakter namoyon etdik va olti hafta davomida ulkan mehnat qildik. Shu jihatdan faxrlanishimiz mumkin», — dedi Keyn.
Eslatib o‘tamiz, Angliya Entoni Gordonning goli evaziga hisobni ochgan edi. Biroq uchrashuvning so‘nggi qismida Enso Fernandes hisobni tenglashtirdi, Lautaro Martines esa 90+2-daqiqada g‘alaba golini kiritib, Argentinani finalga olib chiqdi. Endi angliyaliklar jahon chempionatining uchinchi o‘rni uchun bo‘ladigan bahsda Fransiyaga qarshi maydonga tushadi.













