«Katta dubulg‘a» turkumidagi 24 karra chempion, serbiyalik tennischi Novak Jokovich Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan Fanatics Fest festivalida Argentina terma jamoasi sardori va hujumchisi Lionel Messiga sportdagi bosimni qanday yengishi haqida savol berdi.
Novak Jokovich:
— Sen sportdagi bosimni yengishni qanday o‘rganding?
Lionel Messi:
— Biz bolaligimizdan futbol o‘ynash va qayerda bo‘lmasin undan zavq olish istagi bilan ulg‘ayganmiz. Rostini aytsam, bosim haqida deyarli o‘ylamasdim. Men uchun maydonga chiqish, o‘yindan lazzat olish va g‘alaba qozonish tabiiy holat edi.
Biz raqobatni yaxshi ko‘ramiz va doimo g‘alaba qozonishni istaymiz. Biroq shu bilan birga futbol jamoaviy o‘yin ekanini, raqib ham g‘alaba uchun harakat qilishini va har doim ham yutib bo‘lmasligini tushunamiz.
Vaqt o‘tishi bilan angladimki, sportda mag‘lubiyatlar g‘alabalardan ko‘proq bo‘lar ekan. Ana shu haqiqatni qabul qilish mening ham futbolchi, ham inson sifatida o‘sishimga yordam berdi.
Ma’lumot uchun, Fanatics Fest — sport muxlislari va pop-madaniyat ishqibozlari uchun tashkil etiladigan yirik to‘rt kunlik festival bo‘lib, u Nyu-York shahridagi Javits Center majmuasida muntazam ravishda o‘tkaziladi. Unda jahon sporti yulduzlari, yetakchi ligalar va kolleksionerlar bilan bir qatorda musiqachilar hamda geymerlar ham ishtirok etadi.













