«Katta dubulg‘a» turkumi musobaqalarining 22 karra g‘olibi, jahonning sobiq birinchi raketkasi Rafael Nadal JCH–2026 finali oldidan Ispaniya terma jamoasini qo‘llab-quvvatladi. 19 iyul kuni ispanlar hal qiluvchi bahsda Argentinaga qarshi maydonga tushadi.
«Futbol bolaligimdan buyon eng katta ishtiyoqlarimdan biri bo‘lib kelgan. Men doimo futbol o‘ynashdan, uchrashuvlarni tomosha qilishdan va terma jamoamizni qo‘llab-quvvatlashdan zavq olganman.
2010 yilda Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tgan jahon chempionati finalida boshdan kechirgan his-tuyg‘ularimni hali ham eslayman. Bu xotiralar hech qachon unutilmaydi!
Ertaga esa Argentinaga qarshi yana bir tarixiy o‘yindan bahra olish imkoniyatiga egamiz. Men Argentina terma jamoasini juda hurmat qilaman va unga qoyil qolaman. Omad senga, jamoam! Olg‘a, Ispaniya!» — deb yozdi Nadal.
U arxiv suratlari bilan bo‘lishdi. Ular orasida tennischining bolalikda futbol to‘pi bilan tushgan fotosuratlari, shuningdek, Ispaniyaning 2010 yil Janubiy Afrikada o‘tkazilgan jahon chempionati finalida Niderlandiyani mag‘lub etganidan keyin olingan kadrlar ham o‘rin olgan.













