«Napoli» «Chelsi» himoyachisi Benua Badyashilga qiziqish bildirmoqda, biroq London klubi futbolchini ijaraga berish masalasini muhokama qilishga tayyor emas. Bu haqda La Gazzetta dello Sport xabar bermoqda.
Manba bergan ma’lumotlarga ko‘ra, neapolitanliklar Alessandro Buondjorno tizzasidan jarohat olganidan so‘ng mudofaa markazini kuchaytirish yo‘llarini izlashmoqda. Italiyalik himoyachi butun mavsumoldi tayyorgarlikni o‘tkazib yuborishi mumkin, agar operasiya zarur deb topilsa, tiklanish muddati yanada uzayishi xavfi bor.
«Napoli» allaqachon Badyashil bo‘yicha «Chelsi»ga so‘rov yuborgan, ammo rad javobini olgan. 25 yoshli fransuz ingliz klubining asosiy futbolchilari qatoriga kirmasa-da, jamoa rahbariyati faqat to‘liq transfer variantini ko‘rib chiqmoqda.
Buondjornoning o‘rniga boshqa nomzodlar sifatida «Yuventus» himoyachisi Federiko Gatti va «Lechche» futbolchisi Tyago Gabriel tilga olinmoqda.
Agar Badyashil o‘sha vaqtgacha o‘ziga yangi jamoa topmasa, «Napoli» avgust oyining oxiriga yaqin yana uning variantiga qaytishi mumkin.













