Xorvatiyalik yarim himoyachi Luka Modrich Italiyaning «Milan» klubi bilan tuziladigan yangi shartnomaga ko‘ra yiliga 4,5 million yevrogacha maosh oladi. Bu haqda taniqli insayder Nikolo Skira X ijtimoiy tarmog‘ida xabar berdi. Manbaning ma’lumotlariga ko‘ra, 40 yoshli xorvatiyalik futbolchi «rossoneri» bilan 2027 yilning yozigacha mo‘ljallangan yangi bitimni yaqin orada imzolaydi.
Modrich «Milan»ga 2025 yilning yozida o‘tgan edi. Ushbu davr mobaynida u barcha musobaqalarda 37 ta o‘yinda maydonga tushib, 2 ta gol va 3 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.
Nufuzli Transfermarkt internet-portalidagi ma’lumotga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 3,5 million yevroni tashkil etadi.













