Madridning «Real» klubi «Leypsig» qanot hujumchisi Yan Diomandga qiziqish bildirmoqda. U «Bavariya» vingeri Maykl Olisega muqobil variant sifatida ko‘rilmoqda. Bu haqda Sport.es nashri Bild ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, «qaymoqranglilar» 19 yoshli futbolchi uchun 100 million yevro to‘lashga tayyor. Biroq «Leypsig» Diomandni 120 million yevroga baholamoqda.
Ivuarlik futbolchi uchun kurashda «Real»ga «Liverpul», «Arsenal», «Manchester Siti» va «PSJ» raqobat qilmoqda. Shu bilan birga, Parij klubi hujumchining o‘zi bilan shaxsiy shartlar bo‘yicha kelishuvga erishgani aytilmoqda.
O‘tgan mavsumda Diomand barcha musobaqalarda 36 ta uchrashuvda maydonga tushib, 13 ta gol va 10 ta golli uzatma muallifi bo‘ldi.
Futbolchining «Leypsig» bilan amaldagi shartnomasi 2030 yil yoziga qadar amal qiladi. Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, uning bozor qiymati 90 million yevroga teng.













