O‘zbekiston Superligasining 14-turidan o‘rin olgan “Paxtakor”ga qarshi o‘yindan keyin “Bunyodkor” futbolchisi Bilol Toshmirzayev futbolchilar 6 oydan beri maosh olmayotganini aytib o‘tdi.
“Yigitlarda ruhiy tushkunlik bor. 6 oydan beri oylik olmayapmiz. Masalan, men yilning boshidan beri pul olganim yo‘q. Shunga qaramasdan, yigitlar mehnat qilyapti. Keyingi o‘yinlarga qanday tayyorgarlik ko‘ramiz, bilmadim... 2 oydan beri suv yo‘q. Bu muammo bir marta aytildi, ikki marta aytildi, hech kim qaramaganidan keyin hadeb qaytavermaymiz-ku... Rahbariyat hamma sharoitni ko‘rib turibdi. Ular ham qo‘lidan kelganini qilyapti... Bilmadim endi nima bo‘ladi... Hammani oilasi bor, 6 oy uyga pul olib kirmasangiz, ular qayerda kun ko‘radi, to‘g‘rimi? Murabbiylar ham 5 oydan beri maosh olmayapti. Ular Yevropadan kelgan. Ularni kimdir tushunadimi, tushunmaydimi, bilmayman”, dedi Toshmirzayev.
Avvalroq, “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati shu yildan boshlab “Nasaf”, “Buxoro” va “Bunyodkor” klublarini moliyalashtirishni to‘xtatishini ma’lum qilgandi.
“Paxtakor”ga qarshi kechgan uchrashuvda “Bunyodkor” 0:1 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. O‘yin davomida tribunadagi muxlislar tomonidan “Aliyev out!” deb yozilgan banner ko‘tarildi.
Ma’lumot uchun, Murod Aliyev 2023-yildan beri klub bosh direktori vazifasida ishlab kelmoqda.













