«Manchester Siti» vingeri Savinyo faoliyatini «Tottenhem» safida davom ettirishga qaror qildi. Bu haqda jurnalist Ben Jeykobs xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, 22 yoshli braziliyalik futbolchi o‘z rejasi haqida «shaharliklar» rahbariyatini allaqachon xabardor qilgan.
Qayd etilishicha, Savinyo o‘tgan yozning o‘zidayoq «Tottenhem»ga o‘tishga tayyor bo‘lgan. Biroq o‘sha paytda «Manchester Siti» rahbariyati transferga rozilik bermagan.
Hozircha ham transferning yakuniy shartlari kelishilmagan. Shunga qaramay, klublar o‘rtasidagi muzokaralar davom etmoqda.
Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, Savinyoning transfer qiymati 35 million yevroni tashkil etadi.
Braziliyalik futbolchi o‘tgan mavsum barcha musobaqalarda 36 ta uchrashuvda maydonga tushib, 4 ta gol urdi va 3 ta assist amalga oshirdi.













