Xalqaro futbol assosiasiyalari federasiyasi (FIFA) rasmiy saytida Jahon chempionati huquqlarining bir qismini sotish rejasi bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan rasmiy bayonot e’lon qildi.
Bayonotda shunday deyiladi:
«Biz FIFA Forward Enterprise (FFE) tashkil etish bo‘yicha taklif yuzasidan konfederasiyalar tomonidan bildirilgan munosabatlar bilan tanishdik hamda seshanba kuni ommaviy axborot vositalarida chiqqan ilk xabarlardan keyin paydo bo‘lgan savollarga javob berishni istaymiz.
Biz omma oldida bildirilgan fikrlar va xavotirlarga hurmat bilan qaraymiz hamda ochiq va demokratik maslahatlashuv jarayoniga sodiqligimizni yana bir bor tasdiqlaymiz. Afsuski, OAVdagi noto‘g‘ri xabarlar sabab rejalashtirilgan maslahatlashuv jarayoni izdan chiqdi.
Biz ushbu maslahatlashuvlarni davom ettiramiz, shunda FIFAga a’zo har bir assosiasiya haqiqiy ma’lumotlarga tayanib ovoz berish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
FFE tashabbusi faqat FIFAga a’zo barcha milliy assosiasiyalarga o‘z mamlakatlaridagi futbolning tijoriy imkoniyatlaridan samarali foydalanish imkonini berish maqsadida taklif qilingan. Bu tashabbus FIFA boshqaruvi yoki futbolning ruhiga zarar yetkazmasligi lozim.
Hech kim futbolni sotmayapti. FIFA hech qachon bunday yo‘l tutmaydi.
Taklifimizga ko‘ra, FFE FIFAning musobaqalarni tashkil etish bilan bog‘liq tijoriy va operasion faoliyatini FIFA doimiy ravishda egalik qiladigan va boshqaradigan sho‘’ba kompaniyaga o‘tkazadi.
Agar a’zo assosiasiyalarning ko‘pchiligi ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlamasa, FIFAning tijoriy faoliyati hozirgi ko‘rinishda qoladi va FFE tashkil etilmaydi».
Avvalroq FIFA qiymati 20 milliard dollar bo‘lgan sho‘’ba kompaniya tashkil etish konsepsiyasini taqdim etgan edi. Loyihaga ko‘ra, kompaniyaning 25 foiz ulushini 4,2 milliard dollarga xususiy investorlarga sotish rejalashtirilgan.
Shuningdek, milliy futbol federasiyalariga ajratiladigan mablag‘ni yaqin to‘rt yillik siklda 8 million dollardan 20 million dollarga oshirish, keyingi ikki siklda esa mos ravishda 22 million va 24 million dollarga yetkazish taklif etilgan.
Mazkur tashabbus amalga oshishi uchun FIFAga a’zo federasiyalarning ko‘pchiligi roziligi hamda FIFA Kengashining tasdig‘i talab etiladi.













