Taniqli insayder Fabrisio Romano «Chelsi» qanot hujumchisi Mixail Mudrikning kelajagi haqida o‘z ma’lumotlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Avgust oyida «Chelsi» Mudrikning holatini baholaydi va uni jamoada qoldirish yoki boshqa klubga ketishiga ruxsat berish masalasida qaror qabul qiladi. Ehtimol, ijaraga ham berilishi mumkin. Keyin nima bo‘lishini ko‘ramiz.
Hozir Mudrikning yagona istagi — jamoadoshlari bilan birga maydonga qaytish, futbol o‘ynash va o‘z mahoratini namoyish etish. U ma’lum vaqt davomida mustaqil ravishda mashg‘ulot o‘tkazdi. Mudrik tayyor va keyingi voqealar qanday rivojlanishini kuzatamiz», — dedi Romano o‘zining YouTube kanalida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mixail Mudrikning doping qoidalarini buzgani uchun berilgan diskvalifikasiyasi bekor qilingan edi. 2024 yil dekabr oyida ukrainalik futbolchining doping tahlilida meldoniy moddasi aniqlangandi.
Mudrik «Chelsi» safidagi so‘nggi rasmiy uchrashuvini 2024 yil noyabr oyi oxirida Konferensiyalar ligasi guruh bosqichida «Xaydenxaym»ga qarshi bahsda (2:0) o‘tkazgan va o‘sha o‘yinda gol ham urgan.
U umumiy hisobda London klubi safida 73 ta uchrashuvda ishtirok etib, 10 ta gol va 11 ta golli uzatma muallifi bo‘lgan.













