Hujumchi Karlos Espi «Levante»dan Madridning «Real» klubiga o‘tganidan so‘ng 21 yoshli forvardning maoshi sakkiz baravarga — yiliga 420 ming yevrodan 3,36 million yevrogacha oshdi. Futbolchining «qirollik klubi» bilan shartnomasi 2031 yilgacha mo‘ljallangan. Bu haqda Sport.es xabar bermoqda.
«Real» Espining transferini payshanba, 30 iyul kuni e’lon qildi. Jurnalist Fabrisio Romanoning xabar berishicha, Ispaniya grandi 21 yoshli hujumchini 25 million yevroga sotib olish opsiyasini faollashtirgan.
O‘tgan mavsumda Espi barcha musobaqalarda 27 ta o‘yinda maydonga tushib, 13 ta gol urishga erishdi. Futbolchining «Levante» bilan shartnomasi 2027 yilning yozigacha mo‘ljallangan edi. Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, uning bozor qiymati 20 million yevroni tashkil etadi.













