Kirish Ro'yxatdan o'tish
03/08 19:30 Qo‘qon-1912 0-1 Surxon
03/08 20:00 OKMK 1-2 Nasaf
03/08 20:30 Dinamo 0-0 Neftchi

Ulug‘bek Baqoyev: «Ketma-ket ikkita mag‘lubiyatdan keyin bugungi g‘alaba futbolchilarga ruhiy jihatdan kerak edi»

Ulug‘bek Baqoyev: «Ketma-ket ikkita mag‘lubiyatdan keyin bugungi g‘alaba futbolchilarga ruhiy jihatdan kerak edi»

Baho:
+ | -

«Mash’al» — «So‘g‘diyona» (1:3) uchrashuvidan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoyev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

— O‘yin biz uchun juda yaxshi boshlandi. Darhol gol urdik. Birinchi bo‘limda o‘yinni to‘liq nazorat qildik, ikkinchi bo‘limda ham vaziyatlar yaratishda davom etdik. Yana tezkor gol urildi, undan keyin uchinchi gol ham keldi va o‘ynash ancha yengillashdi.

Biz «Mash’al» jamoasini yaxshi o‘rgangan edik. O‘yindan oldin ularni tahlil qilganmiz. Ular qarshi hujumlarda, ayniqsa qanotlar orqali juda tez harakat qiladigan jamoa.

Ketma-ket ikkita mag‘lubiyatdan keyin bugungi g‘alaba futbolchilarga, avvalo, ruhiy jihatdan katta ishonch berdi. Bu natija turnir jadvalidagi holatimiz uchun ham muhim edi.

Shu sababli yigitlarni g‘alaba bilan tabriklayman va endi O‘zbekiston chempionatining navbatdagi uchrashuviga tayyorgarlikni davom ettiramiz.

— Birinchi bo‘limda «Mash’al»ning ilk goli urilganda siz yon hakamga qattiq e’tiroz bildirdingiz. Hatto ogohlantirish ham oldingiz. Nima sababdan aynan yon hakamga bunchalik e’tiroz qildingiz?

— Men vaziyatni shunday ko‘rdimki, «Mash’al»ning hujumi vaqtida ularning futbolchisi to‘pni qo‘li bilan o‘ynadi. Shu sababli o‘yin to‘xtatilishi kerak edi.

Ammo hakam o‘yinni davom ettirdi va natijada «Mash’al» gol urdi. Men hakamlarga aynan shuni aytdim: mening fikrimcha, to‘p futbolchining qo‘liga tekkan edi. Bu qoidabuzarlik hisoblanadi, shuning uchun gol hisobga olinmasligi kerak edi. E’tirozimning sababi shu.

— Yosh futbolchilarga imkoniyat berish masalasida, bugun ikki nafar yosh futbolchini maydonga so‘nggi 7–8 daqiqada tushirdingiz. Bu ularning o‘yin amaliyoti uchun kam emasmi?

— Maydonga tushish uchun avvalo futbolchi bunga loyiq ekanini isbotlashi kerak. Kimning saviyasi qanday bo‘lsa, shunga yarasha imkoniyat oladi.

Bugun ayrim futbolchilarga dam berdik, ayrimlari ko‘proq vaqt o‘ynadi. Yosh futbolchilar esa kecha yoshlar jamoasi safida ham maydonga tushishgandi. Bu odatiy jarayon.

Albatta, har bir futbolchi ko‘proq vaqt o‘ynashni xohlaydi. Lekin vaziyat shundayki, har qanday xato golga sabab bo‘lishi mumkin. Futbolda esa bitta gol ham o‘yin taqdirini o‘zgartirib yuborishi mumkin.

Biz raqibni hurmat qilamiz, futbolni hurmat qilamiz. Shu sababli ortiqcha tavakkal qilmaymiz va futbolchilarga zarur bo‘lgan vaqtni beramiz.

— Doriyev bilan shartnoma qancha muddatga tuzilgan? U yangi mavsumda ham jamoada qoladimi?

— Yaqinda uning shartnomasi uzaytirildi. Nazarimda, uch yoki to‘rt yilga. Aniq muddatini rahbariyat yaxshi biladi.

Bugungi o‘yinini o‘zingiz ham ko‘rdingiz. Uning mahorati, fidoyiligi, maydondagi ishtiyoqi juda yuqori.

U yosh futbolchilarimiz uchun haqiqiy o‘rnak. Legioner futbolchi qanday harakat qilishi kerakligini amalda ko‘rsatmoqda.

U gol uradi, jamoaga foyda keltiradi, samarali o‘ynaydi. Nafaqat o‘yini, balki ruhiy tomondan ham yosh futbolchilarga yordam beradi va ularning rivojlanishiga hissa qo‘shadi.

Shu sababli unga alohida minnatdorchilik bildiraman.

Manba: https://t.me/pfcsogdianauz
Kiritildi: 23:17, 02.08.2026.
O'qildi: 1125 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.


счётчик