Niderlandiya Superkubogi uchun bo‘lib o‘tgan bahsda AZ amaldagi mamlakat chempioni PSVni 4:0 hisobida mag‘lub etib, bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.
Eyndxovendagi uchrashuv taqdiriga 9-daqiqadagi qizil kartochka katta ta’sir ko‘rsatdi. PSV yarim himoyachisi Yoy Verman maydondan chetlatildi va mezbonlar o‘yinning asosiy qismini bir kishi kam bo‘lib o‘tkazishdi.
AZ hisobni 25-daqiqada Meks Merdinkning goli bilan ochdi. Ikkinchi bo‘limda esa Uesli Patati (51), Elayja Deykstra (58) va Ro-Zangelo Dal (66, penalti) yana uchta gol urib, yirik g‘alabani ta’minlashdi.
Shu tariqa, AZ o‘z tarixida ikkinchi marta Niderlandiya Superkubogi sohibi bo‘ldi. Jamoa bundan avval ushbu sovrinni 2009 yilda qo‘lga kiritgan edi.
Ma’lumot uchun, PSV musobaqa tarixidagi eng sersovrin klub bo‘lib, uning hisobida 15 ta Superkubok mavjud.













