"Chelsi" "Portu" golkiperi Diogu Koshtani o‘z safiga qo‘shib olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Mundo Deportivo nashriga tayangan holda Transfer News Live xabar berishicha, "ko‘klar" portugaliyalik futbolchining shartnomasidagi 60 million yevrolik tovon puli haqidagi bandini faollashtirishga tayyor. "Ajdarlar" yulduzining transferi londonliklar uchun shu yozdagi so‘nggi yirik xarid bo‘lishi mumkin.
Diogu Koshtaning bozor qiymati Transfermarkt portali tomonidan 40 million yevroga baholanmoqda — u dunyoning eng qimmat darvozabonlari ro‘yxatida uchinchi o‘rinda turadi. Sentabr oyida futbolchi 27 yoshga to‘ladi.
Koshta "Portu" safida jami 247 ta o‘yin o‘tkazgan, Portugaliya milliy terma jamoasi libosida esa 48 marotaba maydonga tushgan.













