Madridning «Real» klubi sobiq sport direktori Predrag Miyatovich vinger Vinisius Juniorning shartnomasini uzaytirishdagi qiyinchiliklar bilan bog‘liq vaziyat haqida o‘z fikrini bildirdi. Avvalroq futbolchiga Londonning «Arsenal» klubi qiziqayotgani haqida xabar berilgan edi.
«Hatto Mbappedan keyingi o‘rinda tursang ham, «Real»da ikkinchi raqam bo‘lish dunyoning istalgan boshqa jamoasida birinchi bo‘lishdan yaxshiroqdir. Vinisius yoki klubdan ketgan boshqa har qanday futbolchi bilan aynan shu narsa sodir bo‘lishi mumkin: sen xafa bo‘lib, qadrimga yetishmayapti deb jahl bilan ketasan. Men bunaqa hikoyalarni 1500 marta eshitganman.
Oradan 20 kun yoki bir oy o‘tib, o‘sha o‘yinchini London, Parij yoki boshqa bir joyda uchratasan va u aytadigan birinchi gap: «Eh Xudoyim, naqadar katta xato qilibman». Va bularning bari 2-3 million yevro sababli sodir bo‘ladi. Bu juda katta pul, ammo 20 million yevro bilan ham xuddi shunday yashaysan. Keyin esa ortga qaytging kelganida, ayonki, ortga yo‘l bo‘lmaydi», — deydi Miyatovichning so‘zlaridan iqtibos keltirgan Mundo Deportivo.
Vinisius 2018 yilning yozidan beri «qaymoqranglilar» sharafini himoya qilib kelmoqda. Ushbu davr mobaynida hujumchi barcha turnirlarda 375 ta o‘yinda maydonga tushib, 128 ta gol va 100 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Futbolchining klub bilan amaldagi mehnat shartnomasi 2027 yilning yozigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt portalida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 140 million yevroni tashkil etadi.













