Kirish Ro'yxatdan o'tish
06/08 19:00 So‘g‘diyona - Andijon
06/08 20:00 Paxtakor - Buxoro
07/08 19:00 Surxon - Navbahor
07/08 19:30 Lokomotiv - Dinamo
07/08 20:00 Xorazm - Mash’al

FIFA Yevropa ligalari tomonidan jiddiy qarshilikka uchradi

FIFA Yevropa ligalari tomonidan jiddiy qarshilikka uchradi

Baho:
+ | -

Yevropa professional futbol ligalari assosiasiyasi — European Leagues FIFA boshqaruv tizimida islohotlar amalga oshirilmaguncha tashkilotning amaldagi musobaqalarni o‘zgartirish yoki yangi turnirlar tashkil etish bo‘yicha qarorlarini qo‘llab-quvvatlamasligini ma’lum qildi. Bu haqda assosiasiya matbuot xizmati xabar berdi.

Bayonotda ta’kidlanishicha, FIFA prezidenti Janni Infantinoning FIFA Forward Enterprise (FFE) loyihasidan voz kechishi futbol jamoatchiligining keskin tanqididan keyingi yagona mantiqiy qaror bo‘lgan.

Shu bilan birga, Ligalar assosiasiyasi ushbu g‘oyaning ommaviy ravishda rad etilgani va qaror qabul qilish jarayonining shaffof bo‘lmagani FIFA boshqaruv tizimi, ichki madaniyati hamda qarorlar qabul qilish tartibi bo‘yicha jiddiy savollarni yuzaga keltirayotganini qayd etdi.

Assosiasiya, shuningdek, 30 iyul kuni FFE atrofidagi mojaro fonida FIFA milliy futbol assosiasiyalariga 2030 yilgi Jahon chempionatini 64 ta jamoaga kengaytirish imkoniyatini o‘rganishga doir hujjat yuborganini tanqid qildi.

Ligalar assosiasiyasiga ko‘ra, bu taklifni baholash uchun atigi to‘rt hafta vaqt ajratilgani amaliy jihatdan noto‘g‘ri bo‘lib, eng ko‘p ta’sir ko‘radigan tomonlar — ligalar, klublar va futbolchilar bilan umuman maslahatlashilmagan.

Bayonotda Janni Infantinoning so‘nggi tashabbuslari “buzg‘unchi” sifatida baholangan.

“FIFA ligalar, klublar, futbolchilar va muxlislar manfaatlariga zid bo‘lgan bir tomonlama qarorlarni qabul qilishda davom etmasligi kerak. Bugungi kunda FIFA har qachongidan ham ko‘proq boshqaruv islohotlariga muhtoj. Bunday islohotlar futboldagi barcha manfaatdor tomonlarning qarorlar qabul qilish jarayonida rasmiy ishtirokini ta’minlashi lozim”, deyiladi bayonotda.

Assosiasiyaning eslatishicha, aynan shunday tizimli muammolar sababli 2024 yil oktyabr oyida European Leagues Yevropa komissiyasiga FIFA ustidan rasmiy shikoyat kiritgan. Unda FIFA bir vaqtning o‘zida ham tartibga soluvchi organ, ham tijorat operatori sifatida faoliyat yuritayotgani manfaatlar to‘qnashuviga olib kelayotgani ta’kidlangan.

Ligalar assosiasiyasi vakillari so‘nggi ikki yil davomida Yevropa komissiyasi bilan samarali uchrashuvlar o‘tkazilganini va komissiya adolatli raqobatni himoya qilish hamda Yevropa Ittifoqi sudi tamoyillariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishiga ishonch bildirgan.

Assosiasiyaning yakuniy bayonotida futboldagi barcha manfaatdor tomonlar bilan huquqiy jihatdan majburiy maslahatlashuv tizimi joriy etilmaguncha, European Leagues FIFA shafeligidagi musobaqalarni kengaytirish yoki yangi turnirlar tashkil etish bo‘yicha har qanday tashabbus rad qilinishi qayd etilgan.

Avvalroq The Telegraph nashri UYEFA Janni Infantino iste’foga chiqishni rad etsa, unga nisbatan ishonchsizlik votumi e’lon qilish orqali FIFA prezidentligidan chetlatishga urinishi mumkinligi haqida xabar bergandi.

Bunga Infantinoning jahon chempionatining tijorat huquqlaridagi ulushni xususiy investorlarga sotish rejalari sabab bo‘lgan. Ushbu tashabbus UYEFA, KONKAKAF, Osiyo futbol konfederasiyasi (OFK) va KONMEBOL tomonidan rad etilgan. Shundan so‘ng FIFA prezidenti mazkur loyihadan voz kechishga majbur bo‘ldi.

Infantinoning rejasiga ko‘ra, FIFA Forward Enterprise kompaniyasi FIFAning erkaklar va ayollar o‘rtasidagi asosiy musobaqalarini tijoriy jihatdan boshqarishi kerak edi. FIFA hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu loyiha tashkilotga 4,2 milliard dollar investisiya jalb qilishi mumkin edi. Biroq tashabbus futbol rahbarlari, federasiyalar va boshqa tashkilotlar tomonidan keskin tanqid qilindi. Jurnalist Romen Molina esa Infantino tashkilot ichidagi qo‘llab-quvvatlovni yo‘qotgani sabab yaqin orada lavozimini tark etishi mumkinligini ma’lum qilgan.

Manba: daryo.uz
Kiritildi: 23:59, 05.08.2026.
O'qildi: 924 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.


счётчик