Yaponiya dzyudo federasiyasi 2026-yili Boku shahrida bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati uchun -52 kg vazn toifasida Uta Abe nomzodini rasman tasdiqladi. O‘zbekistonlik Olimpiada chempioni Diyora Keldiyorova mashg‘ulotlarga qaytgan bo‘lsa-da, uning nufuzli turnirdagi ishtiroki hozircha tasdiqlanmagan.
Agar Keldiyorova musobaqada qatnashsa, ushbu dzyudochilarning ehtimoliy to‘qnashuvi chempionatning markaziy voqealaridan biriga aylanishi kutilmoqda. Ularning o‘zaro uchrashuvlari statistikasida ustunlik hozircha Uta Abe tomonida — 2:1. Yaponiyalik sportchi 2019 va 2023-yilgi Jahon chempionatlarida g‘alaba qozongan. Biroq Parij-2024 Olimpiadasida Keldiyorova hisobda ortda borayotganiga qaramay, amaldagi chempionni “ippon” bahosi bilan mag‘lub etib, musobaqaning oltin medaliga ega chiqqan edi.
So‘nggi natijalar va ayni paytdagi jismoniy holatga ko‘ra, Uta Abe ehtimoliy bellashuv favoriti hisoblanadi. Olimpiadadan so‘ng u beshinchi marta jahon chempioni bo‘ldi, shuningdek, Tokio-2025 va Ulan-Bator-2026 “Katta dubulg‘a” turnirlarida zafar quchdi.
Shu bilan birga, mutaxassislar Diyorani hamon Abening eng asosiy raqobatchisi sifatida e’tirof etmoqda. Parijda O‘zbekiston vakilasi yaponiyalik dzyudochining hujumlarini o‘qiy olishi va sovuqqonlik bilan unga qarshi harakat qila olishini isbotlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Diyora Keldiyorova farzandli bo‘lgani sababli yuzaga kelgan tanaffusdan so‘ng yana katta sportga qaytayotgani xabar qilingan edi.













