«Barselona» yarim himoyachisi Tommi Markes joriy transfer oynasida jamoani tark etmoqchi.
19 yoshli futbolchi o‘zi tarbiyalangan klubda doimiy o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi qiyinligini tushunib yetgan va shu sababli o‘zgarish qilishga qaror qildi. Mundo Deportivo nashri bergan ma’lumotga ko‘ra, «ko‘k-anorranglilar» yarim himoyachini sotishga tayyor, biroq bitimga qayta sotib olish bo‘yicha birinchi navbatdagi huquqni kiritishadi.
Tommi Markesga «Manchester Siti», Dortmundning «Borussiya»si va «Braga» klublari tomonidan qiziqish bildirilgan. Istiqbolli ispaniyalik futbolchining Transfermarkt portalidagi bahosi 3 million yevroni tashkil etadi, uning amaldagi shartnomasi esa 2028 yilning o‘rtalarida yakuniga yetadi.













