Angliya terma jamoasining sobiq hujumchisi Maykl Ouen «Arsenal»ni «Manchester Yunayted» forvardi Markus Reshford bilan shartnoma tuzishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vinisius Juniorni sotib ololmaganidan so‘ng, 40 million funtlik ushbu transfer «kanonirlar» uchun mantiqiy qadam bo‘ladi.
«Vinisiusning «Arsenal»ga o‘tishiga ishonmagandim, ammo Reshford varianti mantiqqa ega. U Artetaning rejalariga yaxshi mos tushadi va tarkibning qolgan a’zolari bilan ajoyib hamkorlik qila oladi. Men bu transfer amalga oshishini tasavvur qila olaman», dedi Ouen.
Reshford muvaffaqiyatli mavsum o‘tkazgan (14 ta gol va 11 ta uzatma) «Barselona»dagi ijaradan so‘ng «Manchester Yunayted»ga qaytdi. Kataloniyaliklar Entoni Gordonni afzal ko‘rib, uni sotib olish huquqidan foydalanishmadi.













