«Trabzonspor» Muhammad Saloh transferini rasmiylashtirib, transfer bozorida katta shov-shuv ko‘targanidan so‘ng yana bir mashhur hujumchini tarkibiga qo‘shishni maqsad qilmoqda. Turkiya klubi rahbariyati Darvin Nunyesni jamoaga olib kelish uchun «Al-Hilol» bilan muzokaralarni boshladi.
«Trabzonspor» Nunyes va Salohning «Liverpul»da birga o‘ynagan davridagi hujumkor hamkorligini qayta tiklashni rejalashtirmoqda.
27 yoshli urugvaylik hujumchi Saudiya chempionatida asosiy tarkibdagi o‘rnini yo‘qotganidan so‘ng Yevropa futboliga qaytishni istamoqda. Nunyes avvalroq «Beshiktosh»ga o‘tishga rozilik bergan edi, ammo ushbu transfer amalga oshmadi. Shu orqali «Trabzonspor» uchun muzokaralarga qo‘shilish imkoniyati paydo bo‘ldi va klub «Al-Hilol» hamda futbolchining vakillariga rasmiy taklif yo‘lladi.
Saudiya klubi Nunyesni jamoadan ketishiga rozi, ammo bitim ijara asosida amalga oshirilishi shart. Chunki «Al-Hilol» futbolchini transfer qilish uchun avvalroq 53 million dollar sarflagan.
«Trabzonspor» esa urugvaylik hujumchini ko‘ndirish uchun unga yiliga 7 million yevro maosh taklif qilmoqda.













