Saudiya Arabistonining «Al-Ahli» klubi sport direktori Roy Pedro jamoa darvozaboni Eduar Mendining transfer siyosatiga aralashuvidan norozi ekani aytilmoqda.
Tribuna.com manbalari ma’lumotiga ko‘ra, senegallik darvozabon so‘nggi haftalarda «Al-Ahli»ning bir qator asosiy futbolchilari bilan jamoa ehtiyojlari haqida suhbatlashgan. Ushbu muloqotlardan keyin yangi yarim himoyachi transferini ustuvor vazifa sifatida belgilash taklif qilingan.
Shundan so‘ng klub rahbariyatiga transfer oynasi yopilgunga qadar yarim himoya chizig‘ini kuchaytirish bo‘yicha so‘rov yuborilgan. Xabarlarga ko‘ra, Pedro ushbu tashabbus ortida Mendi turganini tezda aniqlagan va darvozabonning jamoa transfer siyosatiga kiyinish xonasi orqali ta’sir o‘tkazayotganidan norozi bo‘lgan.
Shundan keyin sport direktori va futbolchi o‘rtasidagi munosabatlar sezilarli darajada yomonlashgan.
Ayni vaqtda Pedro Mendining klubni tark etishini istagani va futbolchining «Al-Ahli»dagi kelajagi noaniq bo‘lib qolayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda.
Mendi 2023 yildan buyon «Al-Ahli» sharafini himoya qilmoqda. Ungacha senegallik darvozabon «Chelsi» tarkibida o‘ynagan.













