Osiya Futbol Konfederasiyasining (OFK) klublar musobaqalari bo‘yicha lisenziyalash talablari sababli, zaruriy lisenziyaga ega bo‘lgan Emilian Karas OCHL doirasidagi rasmiy tadbirlarda “Paxtakor” bosh murabbiyi sifatida ishtirok etadi.
U o‘yin qaydnomalari, matbuot anjumanlari hamda Chempionlar Ligasi doirasidagi barcha rasmiy uchrashuv va muloqotlarda toshkentliklar bosh murabbiyi sifatida qatnashadi.
Ma’lumot uchun, Karas 2000-yildan murabbiylik faoliyatini boshlagan. Dastlab Moldovaning “Dachiya” klubida o‘ynovchi murabbiy va yordamchi murabbiy bo‘lib ishlagan, 2004—2008-yillarda esa jamoa bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritgan. Uning boshchiligida “Dachiya” Moldova chempionatining kumush hamda bronza medallarini qo‘lga kiritgan, shuningdek, mamlakat kubogi finaligacha yetib borgan. 2006-yilda Karas Moldovada “Yil murabbiyi” deb e’tirof etilgan.
Keyinchalik u “Tiraspol” hamda “Olimpiya” (Belsi) jamoalarida ishladi. 2009-yilning avgustidan Vladikavkazning “Alaniya” klubida Mircha Rednik shtabida yordamchi va tarjimon sifatida faoliyat olib bordi. 2010-yildan e’tiboran taniqli mutaxassis Dan Petreskuning murabbiylar shtabiga qo‘shilib, “Kuban”, Qatarning “Al-Arabi” hamda Xitoyning “Szyansu Saynti” klublarida assistent sifatida ish olib borgan. Tajribali mutaxassis 2026-yilning yanvaridan Toshkentning “Paxtakor” klubida faoliyat olib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, “Paxtakor” Osiyo Chempionlar Ligasi (OCHL) saralash bosqichida Iordaniyaning “Al-Husayn” jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Mazkur uchrashuv joriy yilning 11-avgust kuni Toshkentdagi “Paxtakor” stadionida o‘tkaziladi.













