O‘zbekiston futbol assosiasiyasi Futbolchilar maqomi va o‘tishi bo‘yicha qo‘mitasining 2026 yil 12 may kunida chiqarilgan 05-01-sonli qarori bilan «Navbahor» futbol klubiga uning sobiq futbolchilari Azimjon Ahmedov, Farrux Qurbonov, Bahrom Qozimov va Nurmuhammad Toshpo‘latovlar oldida vujudga kelgan qarzdorliklarni 2026 yil 10 iyun kuniga qadar bartaraf etish majburiyati belgilangan edi.
O‘zbekiston futbol assosiasiyasining tegishli qo‘mitasi qarori ijrosini ta’minlamaganligi uchun 2026 yilning 24 iyul sanasida «Navbahor» futbol klubiga nisbatan ketma-ket ikkita ro‘yxatdan o‘tkazishning to‘liq davrlarida milliy hamda xalqaro miqyosda yangi futbolchilarni O‘zbekiston Professional futbol ligasidan ro‘yxatdan o‘tkazishga taqiq qo‘yilgan.
2026 yil 10 avgust kuni O‘zbekiston futbolchilar uyushmasi tomonidan Futbolchilar maqomi va o‘tishi bo‘yicha qo‘mitaga yuborilgan 45/316-sonli xatda keltirilishicha, «Navbahor» futbol klubi futbolchilar Azimjon Ahmedov, Farrux Qurbonov, Bahrom Qozimov hamda Nurmuhammad Toshpo‘latov oldidagi mavjud qarzdorliklarni to‘liq bartaraf etganligini ma’lum qilgan hamda klubga nisbatan moliyaviy e’tirozi yo‘qligini bildirgan.
Shu munosabat bilan, «Navbahor» futbol klubiga nisbatan ketma-ket ikkita ro‘yxatdan o‘tkazishning to‘liq davrlarida milliy hamda xalqaro miqyosda yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishga qo‘yilgan taqiq olib tashlandi.













