Xavi Niderlandiya terma jamoasining yangi bosh murabbiyiga aylandi. Ispaniyalik mutaxassis tayinlovdan so‘ng ilk fikrlarini bildirdi.
"Niderlandiya terma jamoasi bosh murabbiyi bo‘lish men uchun ulkan sharaf. "Barselona" akademiyasida futbol ta’limini olgan va Yoxan Kroyf hamda Rinus Mixels kabi insonlarning kuchli ta’sirini his qilgan kishi sifatida Niderlandiya futboli bilan alohida bog‘liqlikni his qilaman. Aytish mumkinki, qaysidir ma’noda men Niderlandiya futbolining farzandiman", — dedi Xavi.
Ispaniyalik mutaxassis futbolchilik faoliyati davomida birga ishlagan Lui van Gal va Frank Raykard kabi murabbiylar ham uning qarashlariga katta ta’sir ko‘rsatganini ta’kidladi.
Xavi, shuningdek, Niderlandiya terma jamoasining imkoniyatlari va qanday futbol namoyish etishni xohlashi haqida gapirdi.
"Niderlandiya boy futbol madaniyati va aniq qarashlarga ega. Bu menga juda yaqin: to‘p nazoratiga asoslangan hujumkor futbol, ijodkorlik, ishtiyoq va o‘ziga ishonch.
Albatta, asosiy maqsad doimo g‘alaba qozonish. Ammo men ana shu xususiyatlarni maydonda namoyon etgan holda g‘alaba qozonishni va odamlar bunday futboldan zavq olishini istayman. Buning uchun salohiyat bor. Bizda kelajakni qurish uchun yaxshi poydevor mavjud", — dedi Xavi.
Xavining Niderlandiya terma jamoasi bilan shartnomasi 2030 yilgi jahon chempionati yakuniga qadar amal qiladi.













