Sky Sports ma’lumotiga ko‘ra, «Napoli» «Chelsi» himoyachisi Benua Badyashilni ijara asosida qo‘shib olish bo‘yicha kelishuvni yakuniga yetkazish ustida ishlamoqda. Bitimga futbolchini keyinchalik to‘liq sotib olish imkoniyati ham kiritilishi kutilmoqda.
Italiya klubi markaziy himoyachini taxminan 17 million funtga baholamoqda va dastlabki ijara uchun qariyb 2,5 million funt to‘lashga tayyor.
Biroq «Chelsi» Badyashil qiymatini ancha yuqori — taxminan 30 million funt deb baholamoqda. Shu sababli, hozircha ikki klubning moliyaviy talablari o‘rtasida sezilarli farq saqlanib turibdi.
Shunga qaramay, muzokaralar davom etmoqda va tomonlar fransiyalik himoyachi transferi bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishishga harakat qilmoqda.
O‘tgan mavsumda chap oyoqli himoyachi barcha musobaqalarda jami 16 ta uchrashuvda maydonga tushdi. Shulardan atigi 8 tasi Angliya Premyer-ligasiga to‘g‘ri keldi.
Jamoadagi o‘yin amaliyoti cheklangani Badyashilning bu yozda «Chelsi»ni tark etish istagiga sabab bo‘lgan omillardan biri sifatida ko‘rsatilmoqda.













