"Barselona" sobiq yarim himoyachisi Ivan Rakitich kataloniyaliklarning 2014/15 yilgi Chempionlar ligasidagi yurishini musobaqa tarixidagi eng yaxshisi deb hisoblashini aytdi.
"Menimcha, biz Chempionlar ligasi tarixidagi eng yaxshi mavsumni o‘tkazganmiz. Biz Fransiya, Angliya va Germaniya chempionlarini, finalda esa Italiya chempionlarini mag‘lub etdik", dedi xorvatiyalik futbolchi.
O‘sha mavsumda Luis Enrike boshqaruvidagi "Barselona" pley-offda amaldagi Angliya chempioni "Manchester Siti"ni 1/8 finalda, Fransiya chempioni "PSJ"ni chorak finalda va Germaniya chempioni "Bavariya"ni yarim finalda musobaqadan chiqargan. Berlindagi finalda esa Italiya chempioni "Yuventus" 3:1 hisobida mag‘lub etilgan.
Rakitich finaldayoq 4-daqiqada hisobni ochgan, keyin Luis Suares va Neymarning gollari "Barselona"ga klub tarixidagi beshinchi Chempionlar ligasi sovrinini keltirgan.
2014/15 yilgi mavsum "Barselona" uchun "trebl" bilan yakunlangan — jamoa La Liga, Ispaniya kubogi va Chempionlar ligasida g‘olib chiqqan. Bu Luis Enrikening kataloniyaliklar bosh murabbiyi sifatidagi ilk mavsumi edi.













