«Bavariya»ning afsonaviy sobiq futbolchisi Lotar Matteus «Oltin to‘p» mukofoti Garri Keynga berilishi kerak, deb hisoblaydi.
Angliyalik hujumchi Yevropa «Oltin butsasi»ni qo‘lga kiritdi va myunxenliklarga Germaniyadagi barcha ichki sovrinlarni yutishga yordam berdi. Biroq Chempionlar ligasi va 2026 yilgi jahon chempionatida uning jamoalari yarim final bosqichida to‘xtashdi.
«Men uchun Keyn — «Oltin to‘p»ga asosiy da’vogar. Men faqat bir o‘yinni yoki faqat JCHni emas, butun yilni baholayman. Bir nechta futbolchilar «Barselona» bilan La Ligani va Ispaniya terma jamoasi bilan JCHni yutishdi, lekin ulardan kimdir yaqqol ajralib turdimi? Yamal haqida bunday deb bo‘lmaydi.
Messi «Inter Mayami» bilan MLSda g‘olib chiqdi, ammo bu liga Yevropanikidek kuchli emas. U JCH-2026da 8 ta gol urdi, ammo ikki marta penaltini amalga oshira olmadi. Mbappe Fransiya bilan JCH yarim finaliga chiqdi, lekin «Real» bilan sovrinsiz qoldi. Angliyalik Jud Bellingem haqida ham shuni aytish mumkin.
Keyn «Bavariya» bilan ikkita ichki kubokni qo‘lga kiritdi. Uning Chempionlar ligasi va JCH-2026 finaliga chiqa olmagani — yagona kamchiligi. U ajoyib o‘yin ko‘rsatdi va o‘ylashimcha, unda birorta ham omadsiz oraliq bo‘lmadi. U va Rodri maydonda gapiradigan, futboldan tashqari muhokamalar bilan e’tiborni tortmaydigan futbolchilardir. Mening nazarimda, Keyn bu mukofotga hammadan ko‘ra ko‘proq munosib», — dedi Matteus Bayern & Germany nashriga bergan intervyusida.
Eslatib o‘tamiz, 22 avgust kuni «Bavariya» Germaniya Superkubogi doirasida Dortmundning «Borussiya» klubiga qarshi maydonga tushadi.













