Isroil futbol assosiasiyasi FIFA prezidentligi uchun bo‘lib o‘tadigan navbatdagi saylovlarda Janni Infantinoni qo‘llab-quvvatlashdan voz kechdi.
Eslatib o‘tamiz, iyul oyi oxirida FIFA jahon chempionati huquqlarini sotish bilan shug‘ullanuvchi FIFA Forward Enterprise (FFE) nomli yangi tijoriy tuzilmani tashkil etishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘lgandi. Keyinchalik futbol konfederasiyalari tomonidan bildirilgan tanqidlar hamda UYEFAga a’zo mamlakatlarning jahon chempionatini boykot qilish ehtimoli fonida Infantino bu g‘oyadan voz kechdi.
«So‘nggi voqealar misli ko‘rilmagan ishonch inqiroziga olib keldi. Biz hali ham bu vaziyatni bartaraf etish mumkinligiga umid qilamiz. Shuningdek, jahon futboli boshqaruvi masalasida UYEFA va boshqa konfederasiyalar qarashlari bilan FIFA pozisiyasi o‘rtasida jiddiy tafovutlar yuzaga keldi.
Tomonlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar chuqur, jiddiy va prinsipial ko‘rinish olgan. Bu esa barcha manfaatdor tomonlarni kelgusidagi yo‘lni qayta ko‘rib chiqishga majbur qilmoqda.
Yuzaga kelgan sharoitda Infantinoni qo‘llab-quvvatlash haqida avval yuborgan xatimizni qaytarib olishdan boshqa choramiz qolmadi. Barcha tomonlar o‘rtasidagi samarali muloqot oxir-oqibat jahon futboli kelajagi borasida umumiy qarashlarni tiklash va to‘g‘ri rivojlanish yo‘nalishini belgilashga yordam beradi, degan samimiy umiddamiz», — dedi Isroil futbol assosiasiyasi prezidenti Moshe Zuares FIFAga yuborgan maktubida.













