"Milan" hujumchisi Kristofer Nkunku faoliyatini "RB Leypsig"da davom ettirishi mumkin.
Insayder Fabrisio Romanoning ma’lum qilishicha, Germaniya klubi 28 yoshli futbolchini o‘z safiga qaytarishdan manfaatdor va uni ijaraga olish bo‘yicha allaqachon taklif yuborgan.
Qayd etilishicha, Nkunku hozircha kelajagi borasida yakuniy qarorga kelmagan. Fransiyalik hujumchi o‘zida mavjud barcha variantlarni ko‘rib chiqib, shundan so‘ng faoliyatini qayerda davom ettirishini hal qilmoqchi.
Avvalroq "Milan" joriy yozda futbolchi bilan xayrlashishga tayyor ekani haqida xabarlar tarqalgandi.
Nkunku "RB Leypsig" safida 2019 yildan 2023 yilga qadar to‘p surgan. Keyinchalik u Londonning "Chelsi" klubiga o‘tgan. Fransiyalik futbolchi 2025 yil yozidan buyon "Milan" sharafini himoya qilib kelmoqda.













