O‘zbekiston Superligasida jamoalarning birinchi va ikkinchi taymlarda qayd etgan natijalari alohida hisoblab chiqildi.
Birinchi bo‘limlar natijasi bo‘yicha "Navbahor" yetakchi. Namanganliklar uchrashuvlarning dastlabki 45 daqiqasidagi natijalar hisobga olinganda 35 ochko jamg‘argan. Jamoaning to‘plar nisbati 19:7ni tashkil etgan.
Keyingi o‘rinlarda "Neftchi" va "Paxtakor" bormoqda. Har ikki jamoada 32 ochkodan bor. Farg‘onaliklar birinchi taymlarda 17 ta gol urib, 6 ta to‘p o‘tkazib yuborgan bo‘lsa, "Paxtakor"da bu ko‘rsatkich 15:5ni tashkil etgan.
Birinchi bo‘limlar jadvalida "Buxoro" 29 ochko bilan 4-, "Dinamo" 28 ochko bilan 5-, "So‘g‘diyona" esa 26 ochko bilan 6-o‘rinni egallagan.
Ikkinchi taymlar bo‘yicha esa "Neftchi" katta ustunlik bilan birinchi o‘rinda. Farg‘ona klubi uchrashuvlarning 46-90-daqiqalaridagi natijalar hisoblanganda 43 ochko to‘plagan. E’tiborlisi, "Neftchi" ikkinchi bo‘limlarda 24 ta gol urgan va o‘z darvozasidan birorta ham gol o‘tkazmagan — 24:0.
Bu ko‘rsatkich bo‘yicha 2-o‘rindagi "Andijon"da 27 ochko bor. "Nasaf" va "Paxtakor" 26 ochkodan jamg‘argan. OKMK, "Buxoro", "Lokomotiv" va "Bunyodkor" esa ikkinchi taymlar natijasi bo‘yicha 25 ochkodan to‘plagan.
Qiziq tomoni, birinchi taymlar bo‘yicha yetakchi bo‘lgan "Navbahor" ikkinchi bo‘limlar jadvalida bor-yo‘g‘i 19 ochko bilan 11-o‘rinda qayd etilgan.
Birinchi taymlarda eng kam ochko "Mash’al"ga tegishli — 7 ochko. Muborakliklar ikkinchi taymlar bo‘yicha ham 13 ochko bilan so‘nggi o‘rinni egallab turibdi.















