"PSJ" va Fransiya terma jamoasi himoyachisi Lyuka Ernandes model Viktoriya Triayga uylandi. Argentinada tug‘ilib, Braziliyada ulg‘aygan Viktoriya bilan futbolchi 2023 yil 12 noyabr kuni Parijdagi tungi klublardan birida tanishgan.
Juftlik to‘y marosimi uchun Fransiya poytaxtidan janubi-g‘arbiy tomonda, taxminan 45 daqiqalik masofada joylashgan XII asrga oid tarixiy Vo-de-Sern abbatligini tanladi. Yangi turmush qurganlar XIX asr oxirida baronessa Sharlotta de Rotshild tomonidan hashamatli mehmonxonaga aylantirilgan majmuaning butun hududini ijaraga olgan.
"Men unutilmas voqeani orzu qilardim — eng yaqin qarindoshlar va do‘stlar davrasida uch kunlik bayramni. Bolalar fermada hayvonlarni boqishdi, o‘ynashdi va ko‘lda baliq tutishdi", — dedi Viktoriya to‘yni yoritgan Vogue Latin America nashriga.
Avvalroq Ernandes model Ameliya de la Ossa Lyorente bilan munosabatda bo‘lgan. Ularning bir o‘g‘il va bir qiz farzandi bor. Lyuka va Viktoriyaning ham bir nafar qiz farzandi bor.













