Dortmundning «Borussiya» klubi Lyuksemburg milliy jamoasining 17 yoshli yarim himoyachisi Enso dos Santos bilan professional shartnoma imzoladi. Kelishuv uzoq muddatga mo‘ljallangan, ammo uning aniq davomiyligi klub tomonidan oshkor qilinmagan.
«Borussiya» sport bo‘yicha boshqaruvchi direktori Lars Rikken yosh futbolchini klubda uzoq muddatga saqlab qolishga erishilganidan mamnun ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Dos Santos so‘nggi oylarda sezilarli o‘sishga erishgan va asosiy jamoa bilan mavsumoldi tayyorgarlik jarayonida o‘zining katta salohiyatga ega ekanini ko‘rsatgan.
Dos Santos 2025 yil yanvarda Lyuksemburgning «Svift Esperanj» klubidan «Borussiya» akademiyasiga kelib qo‘shilgan. Shundan so‘ng u dortmundliklarning U17, U19 va yoshlar jamoalari safida to‘p tepdi.
Enso 16 yoshida Lyuksemburg milliy jamoasida debyut qildi. Shu tariqa u «Borussiya» tarixida o‘z mamlakati milliy jamoasida maydonga tushgan eng yosh futbolchiga aylandi. Ayni paytga qadar yarim himoyachi Lyuksemburg termasi safida 5 ta uchrashuv o‘tkazgan.
17 yoshli futbolchining asosiy maqsadlaridan biri kelajakda «Borussiya»ning asosiy jamoasida o‘ynash. Dos Santosning o‘zi ham bir kuni Dortmunddagi mashhur «Sariq devor» qarshisida maydonga tushishni orzu qilishini ta’kidlagan.













