«Barselona» darvozaboni Aron Yakobishvili faoliyatini Ispaniyaning «Almeriya» klubida davom ettiradi.
Kataloniya klubi rasmiy saytida ma’lum qilinishicha, 20 yoshli vengriyalik futbolchi «Almeriya»ga 2027 yil 30 iyunga qadar ijaraga berilgan. Kelishuvda Andalusiya klubi uchun darvozabonni sotib olish huquqi ham ko‘zda tutilgan.
Yakobishvili 2006 yil 6 martda Vengriyada tug‘ilgan. U 2018 yilda «Atletik Sant Just»dan «Barselona» akademiyasiga kelib qo‘shilgan va «La Masiya»ning turli yosh toifalarida to‘p surgan. Keyinchalik «Barsa Atletik» safida ham maydonga tushgan.
Darvozabon «Barselona» U19 jamoasi bilan Ispaniya yoshlar chempionati, Ispaniya kubogi va UEFA Yoshlar ligasida g‘olib chiqib, bir mavsumda uchta sovrinni qo‘lga kiritishda muhim rol o‘ynagan.
Yakobishvili o‘tgan mavsumni ham ijara asosida o‘tkazgan. U «Andorra» tarkibida Ispaniya ikkinchi divizionida 21 ta o‘yinda qatnashgan. Yosh darvozabonning «Barselona» bilan amaldagi shartnomasi 2028 yilga qadar mo‘ljallangan.
Endi u La Ligaga chiqish uchun kurashayotgan «Almeriya»da tajriba to‘plash va muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.













