«Arsenal» markaziy yarim himoyachisi Fabiu Viyeyra faoliyatini «Gamburg»da davom ettirishi mumkin. Bu haqda Sky Sport Germany jurnalisti Florian Plettenberg xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, 26 yoshli portugaliyalik futbolchining Germaniya klubiga to‘liq transferi bo‘yicha kelishuv hali ham kun tartibida turibdi.
Shu tariqa, Viyeyrada o‘tgan mavsum ijara asosida to‘p tepgan «Gamburg»ga qaytish imkoniyati saqlanib qolmoqda.
Fabiu «Portu» tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U 2022 yil iyul oyida Portugaliya klubidan «Arsenal»ga 35 million yevro evaziga ko‘chib o‘tgan. Futbolchining «kanonirlar» bilan amaldagi shartnomasi 2027 yil 30 iyunga qadar mo‘ljallangan. Transfermarkt portali uning bozor qiymatini 18 million yevroga baholamoqda.
O‘tgan mavsumda yarim himoyachi «Gamburg» safida 31 ta uchrashuvda maydonga tushib, 7 ta gol urdi va 5 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Yozda Viyeyra «Arsenal»ga qaytdi va jamoa tarkibida mavsumoldi nazorat uchrashuvlarida to‘rt marta maydonga tushdi.
Avvalroq «Arsenal» Fabiu Viyeyraning transferi uchun 18 million yevrogacha mablag‘ talab qilayotgani xabar qilingan edi.













