“Manchester Yunayted” va “Brayton” kamerunlik yarimhimoyachi Karlos Baleba transferi bo‘yicha kelishuvga erishishga yaqin turibdi. Bu haqda The Athletic nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, mankunianliklar rahbariyati futbolchi uchun 70 million yevro miqdorida kafolatlangan to‘lov hamda 5,8 million yevro bonuslardan iborat taklif bilan chiqqan. Klublar o‘rtasidagi muzokaralar ijobiy ruhda davom etmoqda va tomonlar 22 yoshli futbolchining transferi bo‘yicha kelishuvga erishish ustida ishlamoqda.
Baleba hozirda to‘piq bog‘lamlaridan olgan jarohatidan so‘ng jismoniy holatini tiklamoqda. Biroq jarohat jiddiy emas va u yaqin orada maydonga qaytadi.
“Manchester Yunayted” uchun joriy yozgi transfer oynasida yarimhimoya chizig‘ini kuchaytirish ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘ldi.
“Qizil iblislar” allaqachon mos ravishda “Aston Villa”dan Yuriy Tilemans hamda “Chelsi”dan Andre Santosni sotib oldi. Shuningdek, “Atalanta” yarimhimoyachisi Edersonning transferi bo‘yicha ham kelishuvga erishilgandi. Biroq braziliyalik futbolchining tizzasidagi jarohati bilan bog‘liq xavotirlar sabab klub bitimdan voz kechdi.
“Manchester Yunayted” Angliya terma jamoasi futbolchisi Elliot Andersonga ham qiziqish bildirgandi. Biroq u o‘rniga klubning asosiy raqibi “Manchester Siti”ga o‘tishni tanladi.
Agar Balebaning transferi amalga oshsa, u bosh murabbiy Maykl Kerrik qo‘l ostida Tilemans, Santos, Kobbi Mainu va Bruno Fernandesh bilan birga asosiy jamoa yarimhimoyachilari qatoridan joy oladi.
Manuel Ugarte ayni paytda Urugvay terma jamoasi safida Jahon chempionati vaqtida olgan tizza jarohati sabab maydonga tusha olmayapti. Meyson Maunt esa mavsumoldi tayyorgarlik doirasidagi so‘nggi ikki uchrashuvni o‘tkazib yubordi.
Baleba 2023 yil yozida “Lill”dan “Brayton”ga ko‘chib o‘tgan. U Angliya klubida jami 112 ta uchrashuvda maydonga tushgan. O‘tgan mavsumda esa “Brayton” safida 35 ta bahsda ishtirok etgan. Futbolchi Afrika Millatlar Kubogida qatnashgani sabab bir nechta uchrashuvni o‘tkazib yuborgan.













