Madridning «Real» klubi bosh murabbiyi Joze Mourinyo jamoaga qaytganidan keyingi his-tuyg‘ulari bilan o‘rtoqlashdi.
«Professional nuqtai nazardan «Real Madrid» — murabbiylik faoliyatining va, shubhasiz, har qanday futbolchi faoliyatining cho‘qqisidir. Bu professional tomoni. Shaxsiy va hissiy nuqtai nazardan esa — bu uyga qaytishdir. Emosional jihatdan bu safargi qaytish birinchisidan ham go‘zalroq, chunki unda gap murabbiylik faoliyati cho‘qqisiga chiqish haqida ketgan bo‘lsa, hozir hammasi ko‘proq shaxsiy va hissiy tuyg‘ular bilan bog‘liq. Hozir bu ancha yoqimliroq.
Birinchi marta, 2010 yilda bu yerga kelganimda, faqat o‘zim haqimda, dunyoning eng buyuk klubini boshqarish va o‘zim uchun muvaffaqiyatga erishish haqida o‘ylagan edim. Hozir esa hammasi boshqacha. Endi o‘zim uchun emas, «Real» uchun ishlashni xohlayman. Ochig‘i, bu ikki vaziyat bir-biri bilan bog‘liq, ammo hozir hissiy tomon kattaroq ahamiyatga ega. Men o‘zimni emas, «Real»ni o‘ylayapman», — deydi Mourinyo Madrid klubining rasmiy saytiga bergan intervyusida.
Eslatib o‘tamiz, 18 avgust kuni Joze Mourinyo «Real» bosh murabbiyi sifatida rasman tanishtirilgan edi. Uning klub bilan tuzgan shartnomasi 2029 yilgacha mo‘ljallangan.













