2027 yilgi ayollar o‘rtasidagi jahon chempionatining final uchrashuvi Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahridagi afsonaviy "Marakana" stadionida bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, turnirning ochilish uchrashuviga ham aynan shu arena mezbonlik qiladi. Buni FIFA rasman tasdiqladi.
Jahon chempionati Braziliyaning sakkiz shahrida 2027 yilning 24 iyunidan 25 iyuliga qadar o‘tkaziladi. Musobaqada 32 ta milliy terma jamoa ishtirok etadi va jami 64 ta uchrashuv o‘tkaziladi.
"Marakana" shu tariqa erkaklar va ayollar o‘rtasidagi jahon chempionatlari finaliga mezbonlik qilgan tarixdagi uchinchi stadionga aylanadi.
Bunga qadar Shvesiyaning Solna shahridagi "Rosunda" stadioni 1958 yilgi erkaklar va 1995 yilgi ayollar o‘rtasidagi JCH finalini qabul qilgan. AQSHning Pasadena shahridagi "Rouz Boul" esa 1994 yilgi erkaklar va 1999 yilgi ayollar o‘rtasidagi mundial finaliga mezbonlik qilgan.













