"Pari Sen-Jermen" yozgi transfer oynasida vinger Ibrahim Mbaye bilan xayrlashish uchun 70 million yevro talab qilmoqda. Bu haqda RMC Sport jurnalisti Fabris Xokins xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, parijliklar belgilagan narx futbolchiga qiziqish bildirayotgan klublar to‘lashga tayyor bo‘lgan miqdordan yuqori. Mbayening bozordagi qiymati taxminan 50 million yevro atrofida baholanmoqda.
"Liverpul" 18 yoshli senegallik futbolchi bilan shaxsiy shartnoma shartlarini allaqachon kelishib olgan. Biroq mersisaydliklar "PSJ" talab qilayotgan 70 million yevroni to‘lashni istamayapti.
Mbaye Bredli Barkola singari transfer oynasi davomida "PSJ" qaydnomasidan chetda qolmoqda. Har ikki futbolchining ham Parij klubini tark etishi mumkinligi aytilmoqda. Xokins avvalroq "Liverpul" Mbaye va Barkolaga qiziqishini davom ettirayotganini ma’lum qilgandi.
Mbaye o‘tgan mavsumda "PSJ" safida barcha musobaqalarda 31 ta o‘yin o‘tkazib, 3 ta gol urdi va 2 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Uning Fransiya chempioni bilan shartnomasi 2028 yilgacha amal qiladi.













