Dortmundning «Borussiya» klubi bosh murabbiyi Niko Kovach «Bavariya» ustozi Vensan Kompanining yordamchisi Aaron Denksning xatti-harakatlaridan norozi bo‘ldi.
Xorvatiyalik va angliyalik mutaxassis Germaniya Superkubogi uchrashuvi vaqtida o‘zaro tortishib qoldi. Bahsdan keyin «Borussiya» bosh murabbiyi mojaroga nima sabab bo‘lganini izohladi.
«Men ingliz tilini ancha yaxshi bilaman. Shuning uchun u menga nima demoqchi bo‘lganini juda yaxshi tushundim.
Bu men uchun qabul qilib bo‘lmaydigan holat. Endi bu uning vijdoniga havola. U uzr so‘rashi kerak», — dedi Kovach Kicker nashriga bergan intervyusida.
Uchrashuv «Bavariya»ning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Myunxenliklarga navbatdagi sovrinni birinchi bo‘limda Nataniel Braun va Maykl Olise tomonidan urilgan gollar keltirdi. Dortmundliklar safida esa 75-daqiqada Fabiu Silva gol urdi.













